2025-2026 o‘quv yili boshlandi: Buvayda tumanidagi 33-maktabda birinchi qo‘ng‘iroq bayrami tantanali tarzda o‘tkazildi
Buvayda tumanidagi barcha umumta’lim maktablarida yangi o‘quv yili boshlandi. An’anaga muvofiq, tuman maktablarida Birinchi qo‘ng‘iroq bayrami o‘tkazildi.
Jumladan, 33-sonli umumta’lim maktabida o‘tkazilgan bayram tadbirida Buvayda tumani hokimi Behzodjon Ibragimov ishtirok etdi. Tadbir davomida tuman hokimi o‘quvchilar, ota-onalar va pedagoglarni yangi o‘quv yilining boshlanishi bilan tabriklab, bilimli va vatanparvar yoshlarni tarbiyalash yo‘lida fidokorona xizmat qilayotgan ustozlarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Tadbir davomida tuman hokimi har yili an’anaviy tarzda topshiriladigan Prezident sovg‘alarini — maktab sumkasi va o‘quv qurollaridan iborat to‘plamni — 1-sinfga qabul qilingan o‘quvchilarga tantanali tarzda topshirdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, 2025-2026 o‘quv yilida Buvayda tumanidagi 55 ta umumta’lim maktabiga jami 4788 nafar 1-sinf o‘quvchisi qabul qilindi.
Tadbir davomida maktab o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar, qo‘shiqlar va she’rlar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi. Ustozlar, ota-onalar va mehmonlar tomonidan yangi o‘quv yiliga katta umid va ishonch bilan qadam qo‘yilayotgani ta’kidlandi.