Buvayda tumanida korrupsiyaga qarshi kurash masalalari muhokama qilindi
Buvayda tumanida davlat xizmatida halollik va ochiqlik tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari Alibek Tursunov ishtirok etdi va “Davlat xizmatchilari o‘rtasida korrupsiyaga qarshi toqatsiz va murosasiz munosabatni kuchaytirish” mavzusida taqdimot bilan chiqdi.
Taqdimot davomida hokimlik tizimidagi xodimlarga to‘g‘rilik, halollik, xizmatda shaffoflik va qonunchilikka qat’iy amal qilish muhimligi eslatildi. Uchrashuvda korrupsiyaning oldini olishda hamkor tashkilotlarning mas’uliyati, shuningdek, fuqarolarning bu jarayondagi faolligi alohida ta’kidlandi.
Muloqotda Buvayda tumani hokimi Behzodjon Ibragimov so‘zga chiqib, korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan soha va tarmoqlarni raqamlashtirish, inson omilini kamaytirish hamda ochiqlikni ta’minlash choralarini kuchaytirish orqali mazkur illatni bartaraf etish mumkinligini ta’kidladi.
Tadbir ishtirokchilariga davlat fuqarolik xizmatchilari etikasi bo‘yicha amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar hamda uslubiy tavsiyalar taqdim etildi. Seminar so‘ngida korrupsiyaga qarshi kurashda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, axborot texnologiyalaridan keng foydalanish va fuqarolar bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tavsiyalar bildirildi.