Buvayda tumanida investitsion loyihalar bilan tanishuvga bag‘ishlangan press-tur bo‘lib o‘tdi
Buvayda tumanida amalga oshirilayotgan investitsion loyihalarni keng jamoatchilikka tanishtirish maqsadida jurnalistlar va blogerlar uchun press-tur tashkil etildi. Tadbir doirasida ishtirokchilar “Pardus Global Tekstil” korxonasi faoliyati bilan tanishdilar.
Mazkur korxona yuqori sifatli sochiq mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, mahsulotlarini Rossiya va MDH davlatlariga eksport qiladi. 2024 yilda korxona tomonidan 6,5 million dollarlik eksport amalga oshirilgan. Korxonada yuzlab ish oʻrinlari yaratilgan boʻlib, mahalliy aholi uchun barqaror daromad manbaiga aylangan.
Press-tur davomida tuman hokimi oʻrinbosari H. Umurzoqov ishtirokchilarga korxona faoliyati, ishlab chiqarish jarayonlari va eksport salohiyati haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, korxona ishlab chiqarish quvvati, yangi texnologiyalar joriy etilishi va kelgusidagi rejalar haqida batafsil tushuntirish berildi.
Jurnalistlar va blogerlar korxona ish jarayonlarini oʻrganib, mahsulot sifati va eksport imkoniyatlari haqida qiziqtirgan savollariga javob olishdi. Bunday tadbirlar mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va iqtisodiy rivojlanishga hissa qo‘shishga xizmat qiladi.