Oliy ta’lim tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirishni tashkil etish belgilangan bo‘lib, BMTning Taraqqiyot dasturi ko‘magida xalqaro auditorlik kompaniya KPMG (Italiya) ekspertlari tomonidan 2020 yilning 11 mayidan e’tiboran korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens-nazorat” tizimini Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining markaziy apparati hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida tajriba tariqasida joriy etish ishlari boshlandi. Xalqaro ekspertlar tomonidan oliy ta’lim tizimida korrupsiya holati mavjud bo‘lishi ehtimoli bor bo‘lgan 7 ta turdagi yo‘nalishlar (korrupsiyaviy risklar kuzatilayotgani) belgilab berildi.
Korrupsiya illati va uning oqibatlaridan aholi, ayniqsa professor-o‘qituvchilar, talabalarning keng qatlamlarini xabardor qilish maqsadida huquqiy targ‘ibot materiallari, ma’ruza matnlari, slaydlar, infografikalar OTMlarda keng targ‘ib qilindi. Shuningdek, jamoat joylarida ta’lim muassasalari tomonidan “Korrupsiyaga qarshi birga kurashamiz”, “Korrupsiya ‒ jamiyatni yemiradi”, “Korrupsiya salbiy illat”, “Pora ‒ eng yomon chora” kabi shiorli bannerlar o‘rnatildi.
Korrupsiyaning ma’lum bir mamlakatda rivojlanishi esa o‘sha davlatning tanazzuliga olib keladi
Bolalikdan korrupsiyaga qarshi toqatsizlik kayfiyatini uyg‘otish uchun maktablarda antikorrupsion darslar tashkil etilishi kerak. Darsda korrupsiya nima, uning qanday zararlari borligi bolalar tushunadigan sodda tilda yetkazilishi, o‘quvchilar bilan korrupsiya haqida suhbatlar o‘tkazilishi, rolli o‘yinlar o‘ynalishi mumkin.
Darslarda korrupsion holatlarga aniq misollar keltirilib, uning oqibatlari, qarshi kurashish usullari, bunda o‘quvchining shaxsiy ishtiroki qanday bo‘lishi aytiladi. Masalan, muayyan tibbiy ma’lumotnomani olishda ko‘rikdan o‘tmay turib, pora evaziga ishni bitirish holati hammaga tanish. Ammo shunday yo‘l bilan tibbiy ma’lumotnoma olgan sil kasalligiga chalingan shaxs maktab oshxonasida ishlasa nima bo‘ladi? Oqibatda qancha odam kasallanadi, ular orasida siz ham bo‘lishingiz mumkin, deyiladi.
Kichik yoshdagi bolalar bilan ishlashda rolli o‘yinlar foydali. Biror vaziyat sahnalashtirilib, pora oluvchi soha mutasaddilari roli bolalar o‘rtasida taqsimlanadi. Yoki bolalar vijdonli va vijdonsiz rahbar haqidagi o‘z qarashlarini suratlar orqali tasvirlab beradi.
Jamiyatda poraxo‘rlikka qarshi kurash keng qamrovli, kompleks ishlarni o‘z ichiga oladi. Birgina sababga qarshi kurashib bu illatni yo‘qotib bo‘lmaydi. Barcha sabablar chuqur o‘rganilishi, poraxo‘rlik, ya’ni oqibat emas, balki unga olib boruvchi yo‘llar, uni vujudga keltiruvchi sabablar yo‘qotilishi kerak.
O‘qituvchi pora olmaydi, maktab direktori hammani teng ko‘radi, u o‘z mansabi va vakolatlarini hech qachon suiiste’mol qilmaydi, biz pora berib o‘qimaymiz, ta’limda tenglik, qonuniylik, ochiqlik va shaffoflik bo‘lishi shart, qabilidagi tushunchalar odamlarning qon-qoniga singib, qadriyat darajasiga ko‘tarilmas ekan, korrupsiya biz bilan yonma-yon yashayveradi.
Jinoyat ishlar bo‘yicha
Buvayda tuman sudi sudyasi A.Yigitaliyev