Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38
FARG’ONA VILOYAT HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATINING BAYONOTI
2020-01-20 09:58:25 334
Cho’ng’arada bir kun
Farg’ona viloyati xokimligi Axborot xizmati tayyorlagan shu sarlavhali xabarga ilova qilingan bir fotosurat ayrim internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda muhokama bo’layapti. Shu munosabat bilan quyidagilarni bildirishni lozim deb topdik.
Cho’ng’ara anklav (har tomondan boshqa mamlakat hududi bilan o’ralgan) holatdagi qishloq bo’lib, unda 240 ta xonadon, 1401 nafar aholi yashaydi. O’zbekiston Prezidentining doimiy e'tiborida bo’lgan qishloq aholisiga shu haftada har bir oilaga bir qopdan un, yog’, shakar bepul berildi. Viloyat hokimi Shuhrat G’aniyev viloyatdagi barcha mas'ul shaxslar bilan borgan 18 yanvar kuni esa:
- 320 mln so’mlik dori darmon olib borilib, barcha ayollar, bolalar, bemorlar tibbiy ko’rikdan o’tkazildi. Bu ish bugun ham davom etmoqda;
- Fidoiy va faxriy insonlarga “Kosonsoy”, “Tovoqsoy” va “Qiziltepa” sihatgohlariga bepul yo’llanmalar berildi;
- Qishloqdagi 259 o’quvchisi bo’lgan maktabga 50 ta kompyuter (stoli bilan), sport anjomlari (tennis stoli, to’plar, boks jihozlari) 2 ta televizor, 2 mingta kitob, 30 ta musiqa asboblari sovg’a qilindi.
- Faxriy oqsoqollarga 50 ta velosiped tarqatildi.
- Yoshlarning tadbirkorligi uchun berilayotgan kreditga viloyat hokimining o’zi bank oldida kafolat xati yozib berdi;
- Chetdan qatnab ishlaydigan o’qituvchilar uchun ikki qavatli uch xonali 15 ta xonadonli uy qurib berish xaqida qaror qabul qilindi va yer ajratildi;
- 50 o’rinli ilk bolalar bog’chasi ochildi va yana 80 o’rinli bolalar bog’chasi qurilishiga mablag’ ajratilib yer tanlandi;
- 240 ta xonadonga bepul gaz balonlari tarqatildi;
- Yangi podstantsiya o’rnatilib, 5km ga elektr liniyasi tortilmoqda.
- 1,5 km yangi ichimlik suvi tarmog’ini tortish ishlari boshlab yuborildi.
... Xullas kichik bir qishloqqa bir galgi tashrif chog’ida shuncha ishlar qilindi.
Dastlab cho’ng’aralik yoshlar bilan uchrashuv bo’ldi. Hokim katta zali bo’lgan binoga kiraverishdagi uning ayvonchasiga yetganida to’satdan zal ichidan suratdagi qiz non ko’tarib chiqib keldi. Hokim uning ra'yini qaytarmay, nondan totinda va qizni yetaklab zalga kirdi. Shu zahoti cho’ng’aralik tashkilotchilarga boshqa bunday qilmaslikni tayinladi. Qizcha zaldan atigi bir, nari borsa ikki daqiqaga ayvonchaga chiqdi xolos.
Nega Cho’ng’ara aholisi davlat vakiliga bunday hurmat ko’rsatganining sabablarini yuqorida aytdik. Shunday bo’lsada bunday “ehtirom” shaklini quvvatlamaymiz. Lekin bizni boshqa narsa tashvishga soladi. Bu qishloqqa avvalo Prezidentimiz, viloyat hokimligi shuncha e'tibor qaratyapti. Xalq bundan minnatdor. Ammo bir surat tanqidchilari aslida nega davlat vakili bo’lgan hokimni cho’ng’araliklar non bilan kutib olganlari sababiga to’xtalmadilar. Aslida bu qishloq ahlining ularga, davlat ko’rsatayotgan g’amxo’rlikka minnatdorchiligi ramzi edi xolos. Qolaversa hokim hech kimga bunday kutib olish haqida topshiriq bermagan.
Nega har narsadan faqat illat izlashga ko’nikib qolinyapti?!
Yana bir gap men Farg’ona viloyati hokimligining Axborot xizmati rahbari sifatida voqelik matni bilan ovora bo’libman-u, unga ilova qilingan suratlarga e'tibor qaratmabman. Bu mening professional kamchiligim.
Barchaga hayotdan hikmat izlashni tilab qolamiz.
Farg’ona viloyat hokimligi Axborot xizmati