Muborak tumanidagi “Murodboy-Suhrobboy” MChJda soliq qonunchiligiga rioya qilinishi va byudjyet bilan hisob-kitoblarning amalga oshirilishi yuzasidan o'tkazilgan tekshirish materiallari o'rganilganda, bir qancha qing'irliklarning guvohi bo'lindi, deb yozmoqda “Huquq” gazetasi.
Aniqlanishicha, MChJ mansabdorlari 2011-2015 yillar davomida davlat byudjyeti va byudjyetdan tashqari maqsadli jamg'armalarga to'lanishi lozim bo'lgan jami 158 mln 815 ming so'mlik soliq va boshqa majburiy to'lovlarni to'lashdan qasddan bo'yin tovlab kelishgan ekan.
Ustiga-ustak, MChJ tomonidan 2011-2013 yillar davomida 128 mln 804 ming so'mlik pishiq g'isht ishlab chiqarilgan bo'lsa-da, mutasaddilar bu borada tegishli litsenziya olishni “unutishgan”ligi ma`lum bo'ldi.
Qing'irlik go'yoki yog' singari suvning ustiga qalqib chiqib turadi. Bu kimsalarning qilmishlarini hujjatlar ro'y-rost fosh etib turardi.
O'zbekistonda ishbilarmonlarning manfaatlari har tomonlama himoya qilinayotgan, ularga bir qator imkoniyatlar va imtiyozlar yaratilayotgan bir sharoitda bu shaxslar bunga javoban ulardan foydalanib, o'z bizneslarini rivojlantirish, yurt taraqqiyotiga ham hissa qo'shish o'rniga jinoyatga qo'l urganliklari, afsuslanarli holatdir. Sud hukmiga asosan MChJ mutasaddilariga tegishli jazo tayinlandi.