Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38
Buvayda tumanida bosh kiyimlari to‘qishga ixtisoslashgan oilaviy korxonalar negizida yirik ishlab chiqarish majmuasi tashkil etiladi
2022-12-02 11:49:38 261
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bugun viloyat sektorlari rahbarlari bilan birga Buvayda tumanida bo‘lib, amalga oshirilayotgan yangi loyihalar, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, sektorlar faoliyati samaradorligi borasida o‘rganish olib bordi.
Tumanning “Qo‘rg‘oncha” MFY hududidagi “Ravshan teks” MCHJ oilaviy korxonasida zamonaviy bosh kiyimlar to‘qish yo‘lga qo‘yilgan. Tadbirkor Dilfuza Hamdamova tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan ushbu korxonada zamonaviy Xitoy to‘quv dastgohlari yordamida ishlab chiqarilayotgan bosh kiyimlar sifati va bejirim dizayni bilan xorijnikidan qolishmaydi. Korxonada 100 nafardan ziyod mahalla ayollari doimiy ish bilan ta’minlangan bo‘lsa, yana 60 nafarga yaqin xotin-qizlar kasanachilik asosida ishga jalb etilgan. Viloyat hokimi bilan muloqot qilgan Dilfuza Hamdamova, besh nafar opa-singillari ham ushbu tadbirkorlik turi bilan mashg‘ul ekanliklarini, o‘z xonadonlarida oilaviy korxona sifatida faoliyat yuritishayotganini ma’lum qildi.
Tadbirkorning ushbu oilaviy korxonalarni birlashtirib, yirik ishlab chiqarish majmuasiga aylantirish, chakana va ulgurji savdo markazini tashkil etish bo‘yicha rejasi viloyat hokimi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi, ushbu loyihani joylashtirish uchun ishlab chiqarish maydoni ajratish masalasi hal etiladigan bo‘ldi.